Ertangi kunimiz, hayotimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyoti, avvalo, bizning o‘rnimizga kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy dunyoqarashga ega insonlar etib tarbiyalashimizga chambarchas bog‘liq. Zero, barkamol avlodni voyaga yetkazish azaldan insoniyat oldidagi eng ezgu va muhim maqsadlardan biri bo‘lib kelgan.
Bugungi ta’lim tizimida yoshlarning erkin fikrlashi, mustaqil qaror qabul qilishi, ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki fikr erkinligi mavjud bo‘lgan jamiyatda tafakkur rivojlanadi, tafakkur rivojlangan jamiyat esa taraqqiyot sari dadil qadam tashlaydi. Jadid ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”.















